Maoshingizni qanday kelishasiz?
23.7.2021
Har bir kishi ishga joylashishidan avval, oylik maosh bilan qiziqadi. Chunki oylik maosh kishi qilayotgan ishga, mehnatiga mos holda bo'lishi kerak. Ish beruvchi bilan suhbatda maosh masalasi doim birinchi o'rinda turadi. Lekin ko'plab insonlar maoshni kelishishda ba'zi muammolarga duch kelishadi va o'zlariga ma'qul bo'lmagan oylik maoshga ko'nishlariga to'g'ri keladi. Shunday holga tushmaslik uchun quyidagi tavsiyalarni bilib qo'yish zarar qilmaydi.
O'z qadr-qimmatingizni biling
Ish haqi miqdorini kelishishda o'z "narxingiz"ni bilish juda muhim. Har bir ishning o'ziga yarasha narxi bor. Agar siz biror joyda ishlamoqchi bo'lsangiz, ushbu soha bo'yicha maoshlar qanday ekanligi haqida ma'lumotga ega bo'lish kerak. Va, o'z salohiyatingizga mos narxni bilib olishingiz zarur. Yana, ish haqini kelishishdan avval, ushbu ishdagi bonus va imtiyozlar haqida ham ma'lumot olishga harakat qiling. Ushbu ma'lumotlarga ega bo'lish siz uchun juda foydali. Shuning uchun ham sohangiz bo'yicha oylik maosh haqida yaxshilab tadqiq qiling. Yuqorida eslatilgan ma'lumotlarga ega bo'lmaslik sizga faqat ziyon keltiradi va ko'p hollarda sizni qoninqtirmaydigan maoshga rozilik berishga majbur bo'lasiz.
E'tibor bergan bo'lsangiz, IT mutaxassislari o'zlari tanlagan sohada yaxshi maosh olishadi. Chunki ular yaxshi malakaga ega bo'lishdan tashqari. o'z qadr-qimmatlarini yaxshi bilishadi.
Javobni kechiktiring
Ish beruvchi bilan suhbat jarayonida maosh haqida ish beruvchidan avval so'z ochmaslik maqsadga muvofiq. Agar ish beruvchi sizdan qancha maosh sizni qoniqtirishini so'rasa, maosh haqida gapirishdan ko'ra, o'zingizning qobiliyatlaringiz haqida so'zlang, albatta, ustamonlik bilan.
Oylik maoshni ish kunlariga bo'ling. Ba'zan maoshni umumiy miqdori sizga ko'p ko'rinishi mumkin, lekin uni har bir ish kuniga bo'lsangiz, vaziyat o'zgacha bo'lishi mumkin. Shuning uchun oylik maoshni kunlik narxda hisoblashingiz kerak. Bu juda muhim. Chunki sizning bir kunlik vaqtingiz va sarflagan energiyangiz bir kunlik maosh miqdoriga proporsiyanal bo'lishi kerak.
Yakuniy fikrlar
Ish beruvchi bilan suhbatda talablaringizni qondira olish o'zingizga bog'liq. Avvalo, so'ragan maoshingizga loyiq bo'lishingiz, kerakli bilim-ko'nikmaga ega bo'lishingiz kerak va oz bo'lsada ustamonlik ham ziyon qilmaydi. Ya'ni yaxshi maosh uchun turli xil taktikalarni qo'llash zarur. Hammasi sizning harakatingizga bog'liq. Ish haqini kelishishda yaxshi xodim, yaxshi psixolog va yaxshi aktyor bo'ling.